HALIMA XUDOYBERDIYEVA

Ehtirosli shoira, jurnalist, mushohadanavis, faol jamoatchi, O’zbekiston Respublikasi xalq noibi, Respublika Prezidentlik  Kengashining a’zosi,  «Saodat»  oynomasining bosh muharriri, Respublika xotin-qizlar Kengashining raisi Halima Xudoyberdiyeva 1948 yili Sirdaryo viloyatining Boyovut  tumanida oddiy dehqod oilasida tavallud topgan. O’rta maktabni tugatib, 1968—1972 yillar mobaynida Toshkeit Davlat dorilfununida ta’lim olgan. So‘ngra «Saodat» oynomasida bo‘lim boshlig‘i, muharrir o‘rinbosari vazifalarida ishlagan. 1975—1977 yillarda esa Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida o‘qigan. O’qishdan qaytgach, 1978—1982 yillarda «Yosh gvardiya» nashriyotida bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.Uning ijodi 60-yildardan boshlangan bo‘lib, hozirgacha yigirmaga yaqin she’riy, publitsistik asarlar to‘plami nashr etilgan. Uning birinchi she’riy to‘plami «Ilk muhabbat» 1969 yilda nashr etildi. Shundan so‘ng «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog’larim» (1976), «Gordost» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Beliye yabloki» (1980), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1988), «Yuragimning og‘riq nuqtalari» (1991) kabi she’riy, publitsistik asarlar to‘plami chop etildi.Halima Xudoyberdieva faqat otashnafas shoira, publitsistgina emas, mohir tarjimon sifatida ham barakali ijod qilmoqda. Xususan, uning Fazu Alieva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupovlardai qilgan tarjimalari e’tiborlidir. Atoqli adiba Zulfiya so‘zlari bilan aytganda, Halima «Tuyg’u, o‘ylar, toshqin hislar» bilan to‘la she’riyat ijodkoridir. Unga «Muqaddas ayol» she’riy to‘plami uchun 1990 yilda Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi. 1992 yilda esa O’zbekiston Respublikasi xalq shoirasi degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi.

 

DA’VAT
 
Kunduz yurib yozdim, tun turib yozdim, 
Yozganda ko‘ksimga tig urib yozdim. 
Dardlarimga siyoh kor qilmay qolgach, 
Qalamni qonimga botirib yozdim.
 
Qon asli yoruglik. Yorug‘lan, tiz cho‘k, 
Asl mard Vatanga tiz cho‘kib o‘tar. 
Qancha qoning bo‘lsa – Vatan uchun to‘k, 
Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!
 
OLDIMDAN OQQAN SUV
 
Yashamoq farog‘at, yashamoq azob, 
Bekorga egilmas Sizdan boshqa ko‘k, 
Ko‘ngillarni ovlab umrim bo‘pti sob, 
Sizning ketishingiz xayolda ham yo‘q.
 
Oldimdan oqqan suv, beqadr suvim, 
Umrida bir yayrab, yozilmaganim. 
Bor turishi shafqat, bori sir suvim, 
To qurib qolguncha sezilmaganim.
 
Boshqalar yonimdan ketmasin debman, 
Vaqt topib ularga boribman tong-kech, 
Boshqalarga ozor yetmasin debman, 
Sizga ham yetishin o‘ylamabman hech.
 
Boshqalarga chopdim shahar, kentda man, 
Bir qaytarib yo bir kesatmadingiz, 
Manam g‘animatman, manam ketaman, 
Deb nechun bir bora eslatmadingiz? 
Onam, onam-a?!
 
DEMAKKI, SEN SHOIRSAN
 
Nafaqat…
O’tsang yozib,
Kuz yanglig‘ so‘lib, ozib,
Bozillagan cho‘g‘ bosib,
Qo‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan.
 
Oltinmi
Yo olmosda,
Tig‘da yurolsang, rost-da,
Itqitsa, oyoq ostda,
To‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan.
 
Nafaqat
Ko‘tarsa xalq,
Ko‘ksingdan itarsa xalq, 
Peshonang namakob, talx, 
Sho‘rdayam hayqirolsang, 
Demakki, sen shoirsan.
 
Nafaqat 
Zar, zo‘rlarni, 
Uzsang to‘sin, to‘rlarni, 
Chayqaltirsang go‘rlarni, 
Go‘rdayam hayqirolsang, 
Demakki, sen shoirsan.
 
MUQADDAS AYOL
 
Oshiqlaring poyingta gul otib ham bo‘ldi, 
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi, 
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi, 
Sen bari bir muqaddassan, 
Muqaddas Ayol!
 
Avval: «Kel-ey, quchog‘imga to‘l, balq», dedilar, 
Unamading, ayol o‘zi ters «xalq», dedilar, 
Icholmagach yuz o‘girib, sho‘r, talx, dedilar, 
Sen bari bir muqaddassan, 
Muqaddas Ayol!
 
Sen daryosan, o‘pganini qirg‘oq yashirar, 
Juftim bo‘l, – deb chopganini har toq yashirar, 
Jannatim, – deb quvonmasdan qumloq yashirar, 
Sen bari bir muqaddassan, 
Muqaddas Ayol!
 
Asli bu bor ermaklarning borar yeri Sen, 
Rostu yolg‘on ertaklarning borar yeri Sen, 
Asov otday erkaklarning borar yeri Sen, 
Sen bari bir muqaddassan, 
Muqaddas Ayol!
 
Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da, 
Mast davraga bir sarin yel, bir tor kelsang-da, 
Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor kelsang-da,
Sen bari bir muqaddassan, 
Muqaddas Ayol!
 
Qimtinasan, astagina ko‘tarasan bosh, 
Ming yillikdir ko‘zingdagi javdiragan yosh, 
Gunohkorlar mingu bitta Senga tegar tosh, 
Sen bari bir muqaddassan, 
Muqaddas Ayol!
 
Harir, xushbo‘y badaningda toshlar izi bor, 
Ko‘kragingda egilgan ne boshlar izi bor, 
Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor, 
Sen bari bir muqaddassan, 
Muqaddas Ayol!
 
DORILAMON KUNLAR KELDI…
 
Onaginam!
Dorilamon kunlar keldi, shafaqlari ol,
Quyosh boqsang, shaylanishlar va sozlashlar tor.
Olcha gulni ko’zlaringga surtasan behold.
“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.
So’lg’in-so’lg’in lablaringdan ucharkan shu so’z,
Otaginam xayolimda rostlay boshlar qad.
Dorilamon kunlarga qayt, onam, yumib ko’z
O’ksik dilda boshlanmasin desang qiyomat.
Bu tabiat suyumlidir ham ko’zlari ko’r,
Goh sharobdan, goh og’udan qilar bizni mast.
Belginangga tirak bo’lay, onajonim, tur.
Dorilamon quyoshga boq, unga qasdma-qasd.
Yuzing ardoqli quyoshday issiq va mahvash.
Ko’zlaringda umid yonar tikilgan oni.
Qorli kunlar bilan ketsin dilingdagi g’ash,
Qizg’ish, lola rang qonlaydir bu kun dunyoni.
Bu dunyoning qir-darasi mo’l,
Yerni yalang oyoq bossang yayraydi taning.
Yashamoq – bir tansiq taom, unga ursang qo’l,
Brogan sari ochiladir ishtahang saning.
Bog’lardagi yetilgusi har mevali shox,
Rizqdir bizga, rizqqa doim dil ilinjlikdir.
O’g’lonlaring kelar ana, ochishib quchoq,
O’g’lonlaring meva qadar bir shirinlikdir.
Onaginam!
O’zing tortma davralardan, el chorlaganda,
“Tiriklikning bayrami”, deb sozlaganda tor,
O’zing so’lg’in lablar bilan pichirlaganda:
“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.
 
SHUNCHAKI
 
Men shunchaki o’ylagim kelmas,
Xayol-sharob misol qilsin sarxush, mast.
Men shunchaki kuylagim kelmas,
Ovoz pardalarim chidab bersa bas.
 
Qo’lingga tusharkan jajji chaqaloq,
Shunchaki sevmoqda qanday lazzat bor.
Kerak chinqirtirib o’pib, tishlamoq,
Biz ham go’daklikda topganmiz ozor.
 
Shunchaki sevilmoq-baxti qoralik,
To’la tole uchun bu kemtik, bu kam.
Mening qalbim shunday sevgiga molik,
Bir charsillab yonay, so’ngra so’nsam ham.
 
Ohangga shunchaki solmasdan quloq,
Tarjima qilib yoz sim sadolarin.
Axir buloqmasmish tog’dagi buloq,
Ko’z yoshlarimish u ishq gadolarin.
 
Shunchaki kulmoq ham istehzodek gap,
Birdan qah-qah uray, cho’chib ketsinlar.
Boshlariga osmon tushganday qulab,
G’aflat bandalari yoqa tutsinlar.
 
Shunchaki yig’lash ham yarashmas bizga,
Uni eplar faqat yuragi toshlar.
Shunday yig’lay, hojat qolmasdan so’zga,
Qurg’oq ko’zlardan ham to’kilsin yoshlar.
 
Shunchaki yozmoqchi, ko’ngil to’lmaydi,
Shunchaki yozmoqqa bormaydi qo’lim.
Shunchaki yozganga chidab bo’lmaydi.
Shunchaki yozmoq bu – shoirga o’lim.
 
TURKISTON ONASI
 
Menga aytadilar, mustaqillik, shon
Bir omadday keldi. Nechun kulmaysan?
Bo’g’zimga keladi ko’ksimdagi jon
Sanchilib og’riydi ko’ksim, jilmaysam…
 
Jizzax vokzalida poyezdlar taq-taq
To’plar xaloyiqqa o’t sochar tikka.
To’pga qalqon bo’lar gulgun kelinchak
Kuyov Sibir ketar, mardikorlikka!
 
Nechun, bu-omad,-deb bo’g’izni yirtmoq
Shosha-pisha yuvmoq sachragan qonni.
Tushimda ilonday sollanar sirtmoq
Dorga osadilar Dukchi Eshonni!
 
Akani singilga qayraydi tuzum
Chavaqlangan Nurxon tushimga kirar.
Tushimda jallod yeng shimarib hart un
Tilim deganlarning tilin sug’urar!
 
Qandog’am ichimga berkitay, yutay
Bag’rim qiymalagan volalarimni.
Ko’ksimga tosh bosib qandoq unutay,
Tili sug’urilgan bolalarimni.
Mustaqillik!
 
Senga men keldim shonlar,
Qonlardan ko’pchigan dalalar bilan.
Dorlarda chayqalgan Dukchi Eshonlar,
Tili sug’rilgan bolalar bilan.
 
TURKISTONNING ONALARINI…
 
O’n ikki oy birday ishlaydi
Faqat ishlab ko’ngil xushlaydi.
Imoratning loyin mushtlaydi,
Bolalarin tishda tishlaydi.
Go’daklari, toqmas, qo’shlaydi
Turkistonning onalarini…
 
O’g’li Bobur hind sori bosdi,
Qaytarmoqqa yetmadi dasti.
Nodirasin jaholat osdi,
Jaholatga bor erur qasdi.
Yuragini armon nishlaydi
Turkistonning onalarini.
 
Mashrab Balxda, dorda salanglar,
Usmon qah-qah urib, alanglar.
Hamzasini tilkalar sanglar,
Tushlari ham ahvolin tanglar.
Tushlari ham toshlab, g’ishtlaydi
Turkistonning onalarini…
 
Amir Temur yodi o’stirar,
Kenagasning dodi o’stirar.
Sirtmoq, kunda, jodu o’stirar
Yassaviyning yodi o’stirar
Xudo suyar, ruhlar ushlaydi
Turkistonning onalarini…
 
Afg’on mulki bo’ldi minglab er,
Harbiy ketgan yuzlab yigit-yer.
Har bolaning dog’I qilar sher,
Qodir Alloh, o’zing toqat ber.
Yuragida arslon qishlaydi
Turkistonning onalarini.
 
Olgani shu elidan duo,
Tilovati, selidan duo.
Har qo’llovchi yelidan duo
Qo’lidan ish, tilidan duo.
Boshidan oq ro’mol tushmaydi
Turkistonning onalarini!
 
BITTA MUSHTGA AYLANMAY
 
Oltovlon ola bo’lib oldirgan xalq meniki,
Goh ichda zahar, tilda bol turgan xalq meniki.
Tig’ tortib o’z otasin o’ldirgan xalq meniki,
Yo Rab, qay ajdodimning qo’li kir, deb yig’ladim.
 
O’zi o’z o’zagini uzgan lahzalarida,
Qiblagohning o’rini buzgan lahzalarida,
Farg’onada to’zonday to’zgan lahzalarida,
Xudo, to’zg’in elimni birlashtir, deb yig’ladim.
 
Birlashmading, Qo’qon-u, O’zgan bo’lding, O’sh bo’lding,
Fitna pichoqlarida talosh laxta to’sh bo’lding.
Kuyov-kelin bo’lmasdan qo’sh mozora, qo’sh bo’lding,
Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb yig’ladim.
 
Birlashmading, ketma-ket balo keldi, o’t keldi,
Tog’day yigitni solib, lopillab tobut keldi.
Suv bo’lib oqdik, ko’zdan jola keldi, hut keldi
Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb yig’ladim.
 
Shukur, bugun ozod sen, ammo tarqoq sen, yot sen
Tarqoqmi sen, inonki azal-abad barbodsen.
Jo’r ovoz bo’lolmasang, yakka-yakka mung, dodsen.
Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb yig’ladim.
 
Karvon jilsin, bir sarbon sari enib kel, elim,
Bir bog’ sari chug’urlab, qushga do’nib kel, elim,
Olloh dilda, Ollohga, haqqa qo’nib kel, elim,
Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb deb yig’ladim.
 
Bitta mushtga aylanmay, biz dastmiz yolg’iz-yolg’iz,
To’zim kosasi yanglig’, to’lmasmiz yolg’iz-yolg’iz,
Turku Turon tiklangay, o’lmasmiz yolg’iz-yolg’iz,
Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb yig’ladim.
 
YO’LDADIRMAN
 
Yigirma yil o‘tdi intizorlikda. 
Andrey Voznesenskiy
 
Siz kutasiz. Menam boraman. 
Uchib borodurman xuddi o‘q. 
Faqat… oldin xat yuboraman, 
O’sha xatni yozganimcha yo‘q.
 
Ko‘ngil ichga to‘kib borini, 
Bir yil, o‘n yil o‘tdi, bu ko‘pmi? 
Ayriliqning alafzorini, 
Birgalashib o‘ramiz, xo‘pmi?
 
Yigirma yil, o‘ttiz yil o‘tdi, 
Ko‘zingizga malol inmasmi? 
O’ttiz yillab govlagan o‘tni, 
O’rar chog‘i chalg‘i sinmasmi?!
 
Qirq yil o‘tdi. Men tez boraman,
 Ranjimangiz, guvoh yeru ko‘k! 
Faqat… oldin xat yuboraman, 
Xatni… hali yozolganim yo‘q.
 
Uchib borodurman xuddi o‘q,
Bu holatni qanday sharhlayman.
Borgan sari o‘rmonzor quyuq, 
Men kuyinib chalg‘i charxlayman.
Siz kutasiz. Menam boraman.
 
AYOL O’TIB BORAR
 
Sen so‘rama, men ham aytmayin 
Kuragimning singanini qars. 
Shovqin solma, men uygotmayin, 
Yuragimda yotar bir yo‘lbars.
 
Baland bir o‘t yongan ichimni 
Men sovutib yashashim kerak. 
O’z-o‘zimga sarflab kuchimni, 
Men ovutib yashashim kerak.
 
Ayol o‘tib borar… sho‘x yurib, 
Shamollarda soch yoygan ayol. 
Ich-ichida yo‘lbars o‘kirib, 
Sirtdan mayin jilmaygan ayol.
Sen so‘rama, men ham aytmayin… 
 
XATO KETDIM
 
Oqlayman deb dunyoni kirlanib bitdim o‘zim.
Abdulla To‘qay
 
Kulgai men emasman. 
Menmas yig‘lagan, 
Simsim sirqiragan sato, ketdim men. 
Moziy qa’rlaridan inju yig‘magan, 
Bugunga sig‘magan sado, ketdim men.
 
Goh tikan ko‘klarkan gulzorlarida, 
Ko‘nglim yerga kirdi ozorlaridan. 
Kir-chir qo‘llar tegib bozorlarida 
Ohori to‘qilgan mato, ketdim men.
 
Paydo. Shaydo edim. Nopoyt ayladilar, 
Bargi xazonimdan bayt ayladilar.
Jayronday jonimni sayd ayladilar, 
Jonim sayyodlarga ato, ketdim men.
 
Dunyoga nurli yo‘l solmoqchi edim, 
Bandi bo‘ldim, garchandki soqchi edim. 
Dunyo dog‘ini ketkazmoqchi edim, 
O’zimga dog‘ tegdi. Xato ketdim men.
Kulgan men emasman. Menmas yig‘lagan…
 
DUNYOLARGA SIG’MAGAN G’AVG’O…
 
Biz ketganda o‘zimiz yeru, 
Ko‘ngil osmon, ko‘kka ketgaymiz. 
Kekirganning yoniga emas, 
Cho‘g‘ni bosib, cho‘qqa ketgaymiz.
 
Sotqin, o‘zg‘ir o‘tmaganida, 
Xoin orom kugmaganida, 
Nomus bizdan ketmaganida, 
Ko‘krak tutib, o‘qqa ketgaymiz.
 
Bog‘ ko‘rmadik kirganda boqqa, 
Dog‘ qo‘shildi dog‘ uzra dokqa, 
Ko‘ngil lim-lim to‘lgan. 
To‘kmoqqa Yoshli qorachuqka ketgaymiz.
 
Qish ortidan o‘tar ko‘klam, yoz 
Topolmasmiz. Ko‘ngli moslar oz, 
O’zimizday g‘aribga peshvoz 
Biz tushmasmiz cho‘kka, ketgaymiz.
 
Umrning tong, shomlarida ham
Butlansak deb chekdik ozor, g‘am.
Bolamizning tomlaridan ham
O’taverar cho‘kka, ketgaymiz.
    
Zarb yermiz, zarb tushirib yovga, 
Tiriklikning g‘ami ham sovg‘a, 
Dunyolarga sig‘magan g‘avg‘o, 
Bir kun jim-jim, yo‘kqa ketgaymiz.
BESHIK QOSHIDA
 
Oyoq-qo‘li beshikka 
Bog‘liq bolam, turgaysan. 
Hali sening izmingda 
Yurgay olam, turgaysan.
 
Sen yo‘lga ketarsen deb
Hozirlik ko‘rar karvon. 
Osmonning peshtoqiga 
Sen deb qo‘yilar narvon.
 
Suyanchig‘im, tog‘lig‘im
Zargarimsan, zarimsan. 
Bugun yerda bog‘lig‘-u, 
Erta ko‘k olarimsan.
 
Beshiging bir qushqanot
Gullari o‘ydim-o‘ydim. 
Isiriq solib bomdod 
Ko‘zmunchoq taqib qo‘ydim.
 
Uyqungga nazar soldim 
Bolishing parqu, parlar. 
Botirlar ham jang oldi 
Senday mizg‘ib olarlar…
 
 
MENING QAYDIM
 
Bayroqqa yuragingizni 
Qo‘shib iling. 
Bayroqda to abad o‘chmas 
O‘t bor, xat bor. 
Yerga emas, ko‘kka qarab 
Siz intiling 
Bayroqda ko‘tarib ketar 
Bir qudrat bor.
 
Dil bayroqqa aylansin 
Bu — mening qaydim
Ko‘tarilsa Dunning yirtgich 
Do‘li yetmas. 
Aylansa, u qushday 
Yerdan balandlaydi 
Har pastkashning, har maydaning 
Qo‘li yetmas.
 
Bayroqqa aylansak Toshkan 
Urganchda ham 
Eliga omonlik tilar 
Bayroqlarga. 
Qutlug‘ boshi ko‘kka yetib 
Turganda ham 
Oyog‘ida el yig‘ilar 
Bayroqlarga.
 
 
MEN SENI TOPGANDIM
 
Men seni topgandim, ammo yaxshi qol,
Sen “yaxshi qol”, degil, “ko’rishguncha”mas.
Bul quyosh hali ko’p ol bo’ladir, ol,
Bul oy ham umrimga ko’p qiladir qasd.
 
Sen sherik bo’lmaysan endi g’amimga,
Darvoqe, hech qachon sherik qilmadim.
Xayr endi, ma’zur tut ortiq-kamimga,
Men seni Layloday seva bilmadim.
 
O’rtanma, bu xato mushkullaridan,
Yo rabbiy, lahzada bor orzular puch.
Men ham qaydan bilay ishq yo’llarida-
Majnun emas, Senga kelarimni duch…
 
 
VATANDIR BU…
 
Alloh, Alloh, Eranlarning 
So‘zi qolgan Vatandir bu — 
Bo‘zlab o‘tgan to‘rg‘aylarning 
Bo‘zi qolgan Vatandir bu.
 
Yurt deb otga qamchi urgan 
O‘qqa uchgan ne ruhu, tan 
Ko‘zimga tik qarab turgan 
Ko‘zi qolgan Vatandir bu.
 
Kechib sarhad, ummonlarni 
Ko‘rsam-da tik iymonlarni 
Kishan uzgan arslonlarni 
Izi qolgan Vatandir bu.
 
Garchand jarang, garchand sukut… 
Qon, shon bilan olingan yurt 
Tishlarida kurashning o‘t, 
Muzi qolgan Vatandir bu.
 
Bu yer kimning, bu ko‘k kimning 
Egasi bor har o‘t, chimning 
O‘z yerida O‘zbegimning 
O‘zi qolgan Vatandir bu.
 
 
MEN BIRGINA SO‘Z O‘STIRDIM…
 
Bilmam qachon, qanday chuqur ko‘llarda cho‘kdim, 
Qanday uzun, qanday hazin dardlarni chekdim. 
Bilganim shu, umrim bo‘yi men ekdim, ekdim 
Turkistonning dashtlarini yorib chiqar So‘z.
 
Balki u So‘z unayotir yerning qa’rida 
Balki qasamday tik terak kurtaklarida 
Ulug‘ Temur bolalarin ko‘kraklarida 
Turkistonning yukini ko‘tarib chiqar So‘z!
 
Yov kelmasin, kelsa agar juftu toq bo‘lib
So‘zlar yerdan chiqib kelgay to‘sin tog‘ bo‘lib 
Elimning jon jigariga ko‘zmunchoq bo‘lib 
Digariga chalg‘i bo‘lib o‘rib chiqar So‘z!
 
Erk yo‘li — kurash yo‘lidir, erk rohlariga 
Chiqar ekan, gard tegmasin elning bariga 
Kurash kuyin quyib elning quloqlariga. 
Tun bo‘yi oyoq uchida yurib chiqar So‘z!
 
Oqqan bo‘lsam hamki uning poyida tinmay 
Elga nafim kam mening, — deb nechun o‘ksinmay 
Men birgina SO‘Z o‘stirdim, mangu ko‘z yummay 
Turkiy elni balolardan ko‘rib chiqar So‘z!
 
 
BIR MAKTUB SINGARI
 
Bir maktub singari xotiramni men-
O’chirib-ochirib yashayotibman.
Dilimni o’rtagan armon, g’amni men,
Qog’ozga ko’chirib yashayotibman.
 
…Sirimni yashirmay to’kdim men tunga,
Tun bo’yi yig’lagan bo’lsa ham baytim.
Kunduz yonib-izlab kelganda unga
“Vaqtida ayrildik, yaxshi”, deb aytdim.
 
Tun bo’yi ko’zimdan achchiq yosh sizib,
Bezabon armondan o’qisam ham dars,
Tongda u kelganda “Uyqumni buzib…
Tag’in Siz!..” yuziga eshikni yopdim qars.
 
“Baribir eshikni ocholmas birov
Kelaman”, – jimlik… so’ng yillarki mushkul.
Endi u kelguncha sochimga qirov –
Qor yog’ar, so’ng taniy olarmikin ul…
 
Qoplagani uchun bir zum ko’zni xob –
Balki umrim bo’yi berurman javob.
 
 
“INJULAR” KITOBIDAN
 
Borarkanman hayrat, hayronlig‘im-cha
Borarkanman hurkak jayronlig‘im-cha 
Obodlig‘ — Sen. Sen kelmasang mabodo 
Ketgayman to abad vayronlig‘im-cha.
 
* * * 
Magar qulsan, do‘st axtarsang qul yaxshi 
Yomon yashagandan ko‘ra, o‘l yaxshi. 
Ming eri bor charaqlagan yuz qizdan 
Egasi ketgan bir halol tul yaxshi.
 
* * * 
Ozorli yorga so‘z aytsam, so‘z yig‘ladi
Hijron daryosida sinmas muz yig‘ladi 
Jafosidan tilim-tilim bo‘larkan dil 
Tilingan joyga tuz sepsam tuz yig‘ladi.
 
* * * 
Ketgan ketgay qolganlarni yarolab 
O, buyuk ishq, bor inkorni qilur daf. 
Qiz qabrida qizg‘aldoq ochilarmish 
Yigit o‘tsa qabristonni oralab.
 
* * * 
Bul yaproqlar titragan jonimdir mening 
Ichim yonar vulqon, sirtim jimdir mening 
Bir kitobim quvonch qo‘ngan qo‘rg‘onlar-u, 
Bir kitobim ohu fig‘onimdir mening.
 
* * * 
Mangu tunmas. Oftob. Bir onlig‘ bo‘lsam 
Armonim yo‘q xarob, yo shonlig‘ bo‘lsam. 
Hazrat Rumiyday bir jon do‘st topsaydim 
Mayli unga Shamsday qurbonlig‘ bo‘lsam.
 
 
TASKIN
 
Dunyo g‘irrom. Ammo halol 
Do‘st bor. Topsang bo‘ladi. 
Xuddi oftob, xuddi hilol
So‘z bor. O‘psang bo‘ladi.
 
Dunyo biri kamligidan 
Dod solmagin, birodar. 
Ketar chog‘ ham tobutingga 
Bo‘z bor, yopsang bo‘ladi.
 
 
DERAZADA CHIROQ YOQAMAN…
 
Qayda bo‘lmay kunlabu, oylab, 
Qayda to‘xtab, qayda oqaman. 
Tun kirdimi yo‘lingiz poylab 
Derazada chiroq yoqaman.
 
Yigirma yil, o‘ttiz yil, qirq yil 
Ko‘priklarim bo‘lsa hamki qil. 
O‘tib kelib, yorishgan-cha dil, 
Derazada chiroq yoqaman.
 
Ko‘ngil to‘lug‘ ishq, imdodlarga 
Xush kunimiz ko‘pdir yodlarga. 
Sizni bermam zulumotlarga 
Derazada chiroq yoqaman.
 
Yorijon-a, turmang egik, xam
Bizni abad tark etmagay sham. 
So‘ng nafasim chiqaturib ham 
Derazada chiroq yoqaman.
 
 
O‘ZBEKNING…
 
Uzun tunlar oylardanam uyolgan 
Ayollari tolsa sevilib tolgan. 
Qora ko‘zi bor yurakka ishq solgan, 
Tog‘lardagi jayronidir o‘zbekning…
 
Oybarchini — bor Barchindir, 
Ertakmas, 
Alpomishdan tug‘ olmagan erkakmas, 
Do‘st yukiga yelka tutib, tog‘i-past, 
Hamma olam hayronidir O‘zbekning.
 
 
Uylarida g‘ichirlaydi hamon sinch, 
Nodirasi mozorida yotsin tinch. 
Har bolasi to so‘nggi dam yukingich, 
U bir Ka’ba — vayronidir O‘zbekning.
 
Bilmam Alloh gul berganmi, xas bergan, 
Ne bo‘lsa ham dilin sarxush, mast bergan, 
Nodiraga kaniz bo‘lib sas bergan, 
Halimasi biyronidir O‘zbekning.
 
 
ONAM YODI
 
Bolaligim. Avji saraton 
Dala. Tog‘u toshlar kuymakda. 
Onam ishga otlanadi tong, 
Rangi o‘ngib ketgan ko‘ylakda.
 
Naq taqimda sochini sochib, 
Boyovutning shamoli sang‘ir. 
Vafo qildi birgina sochi 
Eplayolmay ro‘molda tang‘ir.
 
Borar baland bo‘yli, kulcha yuz, 
Bo‘y-bo‘y juvon, sirli siyoqda. 
Suyolmadik uni qilcha biz 
Xudo suysin endi u yoqda.
 
Eshitaman tovushlarini 
Borar jannat malaklariday. 
Tuproq to‘la kovushlari-yu 
Rangi o‘nggan ko‘ylaklarida…
 
Ruhim ko‘taradi bayroqlarini…
Dunyo kambag‘alni kamsitib, g‘ajib
Tag‘in boyitarkan boyroqlarini 
Ruhim olib qo‘yar boshimdan tojni
 
 
RUHIM KO‘TARADI BAYROQLARINI!
 
Qaydaki yetimni yetib tishlaydi, 
Dunyo qantarmasa kaj itlarini 
Ruhim yuragimga qattiq mushtlaydi 
Ruhim kiyaboshlar sovutlarini.
 
Toptalaboshlarkan sha’n, oru, shonlar 
Kir oyoq ostiga tusharkan oyat. 
Bo‘g‘zimga keladi ko‘ksimdan qonlar 
Ruhim qon ichida ko‘taradi qad!
 
Niyat but. Albatta yetib boraman
Bir kun xush kun kelar tong rangi bilan 
Ro‘zi mashhargacha ketib boraman 
Qalqon — sovutlarning jarangi bilan!
 
 
 
VATANDIR BU
 
Olloh, Olloh eranlarning
So’zi qolgan Vatandir bu,
Bo’zlab o’tgan to’rg’aylarning 
Bo’zi qolgan vatandir bu.
 
Yurt deb otga qamchi urgan,
O‘qqa uchgan ne ruhi, tan.
Ko’zimga tik qarab turgan
Ko’zi qolgan vatandir bu.
 
Kechib sarhad, ummonlarni,
Ko’rsam-da tik iymonlarni,
Kishan uzgan arslonlarning 
Izi qolgan Vatandir bu.
 
Garchand jarang, garchand sukut…
Qon, shon bilan olingan yurt,
Tishlarida kurashning o’t — 
Muzi qolgan vatandir bu.
 
Bu yer kimning, bu ko’k kimning
Egasi bor har o’t, chimning,
O‘z yerida o’zbegimning 
O‘zi qolgan Vatandir bu.
 
BAXMAL
 
Baxmal bog’larida yeru-osmon ko’k,
Olmalar gohi-goh to’kilar tap-tap.
Sangzor suvlariday tez oqar suv yo’q,
Uchib borayotgan tonglarga o’xshab.
 
Ko’kjarning sel olgan jarlarida chim
Jilg’alar poygasi, toshlar gurungi.
Menga tuyuldi-ki, Baxmal — ko’p qadim,
Tog’da toshlari ham toza, burungi.
 
Sangzor charx uradi, jilg’alari jo’sh,
Ketsam ko’nglim shunda qolayotganday.
Boqsam tog’ boshidan ikki archa, qo’sh
Bir-bir bosib tushib kelayotganday…
 
Mirhalil ota*ning ko’k gumbazidan 
Samarqand ko’rinar, hayron bo’lmaysiz.
Novqa ota*ning besh panjasidan suv —
Shifo suvlaridan iching, o’lmaysiz.
 
Sifotin topolmay o’yga toldim men,
Ming xil qovun-kovrak, oqqiz hidini.
…uch-to’rt qirrasini ko’rib qoldim men
Baxmal — O‘zbekiston marvaridini.
 
*ziyoratgohlar
 
YOLG’IZLIK SIRI
 
Tirikmisan, shoxlar tashlab uch,
Quyosh yanglig’ o’ylayver tikka.
Tirikmisan, o’zing qudrat, kuch,
Qo’rqinch narsa bormi tirikka.
 
Qo’rqma, baland yurishni o’rgan,
Bir sheriging bo’lsa dog’ing yo’q.
Boq, sening atrofingda yurgan
Odamlarning son-sanog’i yo’q.
 
O‘limdanam qo’rqmoqliging puch,
Umr tugar bir nola, cho’ziq.
Yerning ostida odamlar zich —
O‘limdanam qo’rqishing qiziq.
 
Men Yolg’izlik sirini ochdim,
Undan qo’rqmay bo’lmaydi, yohu!
Undan qochgin, bir umr qochgin —
Quvib yetsa, o’ldirar Kuch — shu.
 
POLVON DARAXT QULASA…
 
Otamurod aka xotirasiga
 
Deyman, bir do’stni o’ylab
Xayollarga cho’markan,
Polvon daraxt qulasa
Tuproq qanday ko’markan?
 
Mahzun yodini yodlab
Ko’z yoshlari tomarkan,
Jonon daraxt qulasa
Tuproq qanday ko’markan?
 
Dilga tushgan yong’indan 
Suvlar chak-chak tomarkan,
Yig’layversa yomg’irlar
Tuproq qanday ko’markan?
 
Tog’day boshin qanday-yu
Ko’zin qay kuch yumarkan,
Tirik yotgan jonday u —
Tuproq qanday ko’markan?
 
Ketdi Ota murodi,
Odam qaytib kemarkan.
Shunday katta Murodni
Tuproq qanday ko’markan?
 
DARAXTLAR SEZADI
 
Daraxtlaram sezadi kuzni,
Kirarlar bir-birin pinjiga.
Bizlar kira olmaymiz do’stning
Sunbuladay ishq sog’inchiga.
 
Titroq tushar hatto terakka,
Kunduzu tun titraydi tolmay.
Odam… ketaveradi yakka
Sochlarining qorasi qolmay.
 
Daraxtlaram qiynalar og’ir,
Ular bir-birini suyaydi.
Odam… bir-biriga bermas sir,
Faqat odam yolg’iz kuyadi. 
 
Yorijon-a, tushdim bir izdan,
Ketmoqdaman yomg’ir urib, qor.
Men ayrilib qolmayin Sizdan,
Qabrimizni ko’mmay turib qor.
 
ANJON SARI
 
O‘ylanaman, yo‘lim tushsa
Anjon sari.
Mohlaroyim ko‘zlariga ko‘zim tushsa
Maydalashib ketmadimi mevalari
Taniymanmi, qo‘lga olma, uzum tushsa.
 
Mohlaroyim taqdiridan aytib doston
Qaldirg‘ochlar ayvonida yuradimi
Kelinlari sahar
Azon aytilmasdan
Obdastada suv isitib turadimi?
 
Ro‘molining 
Uchiga gul bitadimi
Qizaloqlar, onalarin tirgaklari
Orqa bilan borib chiqib ketadimi
Yerga qarab, ohudayin hurkaklari?
 
Ko‘z oldimdan o‘taverar
Chopa-chopa
Nodiraning qul kunlari, shoh kunlari.
Qulog‘imga kelib turar
Mohlaroyim ketayotgan xon aroba
Umarxon to‘y arobasin shovqinlari…
 
O‘ylanaman…
Yo‘lim tushsa Anjon sari…
 
 
YO‘L BIRDAN KEGAYDI…
 
Odamday olislab borayotgan yo‘l
Bizga umidmi, ne berayotgan yo‘l
Yomg‘irga botgan yo‘l, changga botgan yo‘l
Biz ketamiz
 
 Bu yo‘l qolaveradi.
 
Karvonlar surishib o‘tgan choqlari
Dunyoni buzgandir qo‘ng‘iroqlari
Qamchi izlari-yu, ko‘ngil dog‘lari
Biz ketamiz.
 
 Bu yo‘l qolaveradi.
 
Ko‘zimizni aldab, buralib qaytib
Ko‘nglim chechaklarga o‘ralib qaytib
Yozda toshi qizib, jizg‘anak payti
Biz ketamiz
 
 Bu yo‘l qolaveradi.
 
Bu yo‘lda kim
Kimni tunab ketgandi.
Kim kimning yuragin tirnab ketgandi
Otam shu yo‘llardan jo‘nab ketgandi
Biz ketamiz
 
 Bu yo‘l qolaveradi.
 
Tobut yo‘lga chiqdi. G‘am jonga yetdi.
Tobut birdan kengayib, kattarib ketdi.
Shunda ko‘rdim, bu yo‘l, butun bir xalqni
Yig‘layotgan xalqni
Ko‘tarib ketdi!
 
Odamday olislab borayotgan yo‘l,
Otamday olislab borayotgan yo‘l.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.