Joriy yilning 8-9 sentabr kunlari ko’hna Samarqandda “Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda hamda davlat va jamiyat qurilishida xotin–qizlarning o’rni: O’zbekiston tajribasi” mavzuyida xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi.
O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, O’zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O’zbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hamda bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjumanda Amerika Qo’shma Shtatlari, Italiya, Germaniya, Xitoy va boshqa bir qator davlatlardan ekspertlar, shuningdek, mamlakatimiz parlamenti a’zolari, vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro jamoat tashkilotlari, hududiy xotin-qizlar qo’mitalari raislari hamda jurnalistlar qatnashdilar.
Konferensiyada xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sotsial faolligini oshirish, ularning bandligi, mehnat hamda ta’lim olishsharoitlariniyaxshilash, ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, onalik va bolalikni muhofaza etish, sog’lom oilani shakllantirish hamda mustahkamlash, sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, oilalar bilan ishlashni kuchaytirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va davlat hamda jamiyat qurilishida xotin-qizlarning o’rnini yanada mustahkamlash kabi bir qator masalalar yuzasidan zarur takliflar bildirildi.
Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyundagi PF-2326-sоn Farmоniga asosan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti va uning sohibalariga, ularning bugungi kundagi erishayotgan yutuqlariga e’tibor qaratildi. Bugungi kunda,adabiyot, madaniyat, san’at, fan va ta’lim yo’nalishlaridagi yutuqlari hamda jamoatchilikdagi faolligi uchun mukofotga loyiq deb topilgan qizlar 226 nafarni tashkil etadi. Tadbir miqyosida xalqaro ekspertlar 10 nafar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari bilan uchrashishdi va ular misolida barcha Zulfiya mukofoti sovrindorlari, shuningdek, xalqaro olimpiada va tanlovlarda sovrindor bo’lgan yoshlar to’g’risida taassurotga ega bo’lishdi.
Anjuman doirasida mehmonlar Samarqand shahridagi bir qator joylarga tashrif buyurishdi. Jumaladan, Yengil Sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga joylashtirish shtabida bo’lishdi hamda Samarqanddagi 21-umumta’lim maktabining “Orasta qizlar” to’garagi faoliyati bilan tanishishdi.
Konferensiya qatnashchilari O’zbekistonning xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlash borasida erishayotgan yutuqlari, yoshlarga, ayniqsa, xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor xususida iliq fikrlar bildirishdi.
Anjumanda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari, RespublikaXotin-qizlar qo’mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
Zulfiyaxonim.uz sayti uchun maxsus
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori
Bonu Azizova